#Murojaatnomaga_munosabat

🇺🇿OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING OLIY MAJLIS VA OʻZBEK XALQIGA YOʻLLAGAN MUROJAATNOMASIDA ILGARI SURILGAN ISLOHOTLAR TA’LIM TIZIMIDA HAM MUHIM O’RINGA EGA.

🇺🇿Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi butun mamlakatimiz aholisi qatorida Samarqand tumani maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, chuqur e’tibor bilan tinglandi. So‘nggi yillarda Murojaatnoma yo‘llash an’anaga aylanib, u davlatimiz va jamiyatimizni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi muhim siyosiy va strategik hujjat sifatida qaror topdi. Murojaatnoma, avvalo, davlat va jamiyatni tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalarga tizimli yechimlar taklif etilishi bilan ahamiyatlidir. Unda nafaqat hozirgi islohotlarning mazmun-mohiyati, balki kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari, aniq maqsadlar va ularga erishish mexanizmlari belgilab beriladi. Eng muhimi, “Qanday natijaga erishamiz?” va “Bu natijalar fuqarolar hayotida qanday aks etadi?” degan savollarga amaliy javoblar taqdim etiladi. Shu jihatdan Murojaatnoma strategik ahamiyatga ega bo‘lgan dasturiy hujjat hisoblanadi. Chunki unda ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar keyinchalik qabul qilinadigan davlat dasturlari, tarmoq va hududiy strategiyalarda o‘z ifodasini topadi hamda amaliy ijro uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu yilgi Murojaatnomada ham eng muhim va hayotiy masalalarga alohida urg‘u berildi. Xususan, olib borilayotgan islohotlar jamiyatning har bir a’zosi tomonidan kundalik hayotda bevosita sezilishi lozimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari joylarda, ayniqsa, mahallalarda infratuzilmani tubdan yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ana shu yondashuvdan kelib chiqib, 2026-yilni – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Murojaatnomada katta va uzoq muddatli maqsadlar ham ilgari surildi. Jumladan, mamlakatda ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi va ramziy natijasi sifatida e’tirof etilishi mumkin. Shuningdek, texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish bo‘yicha besh yillik disturb asosida “Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”, – deb aytgan so‘zlari murojaatnomaning yoshlar hayotida ham naqadar muhim o‘rin kasb etishini bildiradi. 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab borilishi haqida murojaatnomada alohida to‘xtalib o‘tildi. Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi, 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kelgusida maktab bitiruvchilarining turli kasblarga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirishidan darak beradi. Bu esa o‘z navbatida “Kasblar shaharchasi” maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan, aniq maqsadlar va real mexanizmlarga asoslangan strategik hujjatdir. U islohotlarning mazmunini yanada chuqurlashtirib, ularni har bir fuqaroning kundalik hayotiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

✍️Samarqand tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo’limi boshlig’i Sh.Abulxayrov

🖌Samarqand tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo’limi axborot xizmati (https://t.me/samtxtb)

@samtxtb